Laboratoriya tarixi
Laboratoriya akademik H.M. Abdullayev tomonidan dastavval “Metallogeniya laboratoriyasi” sifatida 1958-yili tashkil etilgan. Laboratoriyaga g.-m.f.n. R.A. Musin (1958-1960), g.-m.f.n. T.M. Voronich (1960-1986), g.-m.f.d. P.V. Pankratev (1986-1996), g.-m.f.n. Yu.V. Mixaylova (1996-2007), g.-m.f.n. M.M. Mansurov (2007-2012), g.-m.f.d. U.D. Mamarozikov (2012-2022) va O‘.A. Normatovlar (2022-2023) rahbarlik qilishgan. Hozirgi vaqtda laboratoriyaga g.-m.f.f.d. (PhD) A.X. Hamrayev mudirlik qilmoqda
Laboratoriyaning asosiy strategik yo‘nalishi
Laboratoriyaning asosiy strategik yo‘nalishi magmatik (shu jumladan vulkanogen) va metamorfogen ma’danli obyektlarning shakllanish va joylashuv qonuniyatlarini o‘rganish hamda qimmatbaho, rangli nodir va noyob yer metallarini ma’danlashuvga aloqadorligini bashorat qilish va izlash uchun mufassal geologik, petrologik, mineralogik geokimyoviy mezonlarni ishlab chiqish
Laboratoriya faoliyatining dolzarbligi
Endogen geologiyaning butun tarixi davomida eng muhim muammolardan biri petro- va rudogenezis o‘rtasidagi genetik bog‘liqligini asoslash. Petrologik va metallogenik tadqiqotlarning ahamiyati asosan ushbu muammoni hal qilishga qo‘shgan hissasi bilan belgilanadi. Magmatizm (jumladan, vulkanizm) va postmagmatik jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lgan endogen ma’dan hosilalari xilma-xil va murakkabdir. Ushbu hosilalarning hosil bo‘lish sharoitlari va tarqalish qonuniyatlarini aniqlashga qaratilgan maxsus tadqiqotlarsiz ularning genezisini to‘liq tushunish mumkin emas. So‘nggi o‘n yilliklarda bu borada, xususan, magmatizm va endogen ma’danlashuvning chuqur geodinamika (mantiya plyumlari) bilan bog‘liq jarayonlarning asosiy rolini tushunishda sezilarli yutuqlarga erishildi. Endogen ma’dan obyektlarining butun kompleksi, ham magmatik, ham ular bilan bog‘liq bo‘lgan postmagmatik hosilalar yagona petrogenetik jarayonning evolyutsiyasi natijasidir. Bunday yondashuv endogen ma’dan hosil bo‘lish jarayonlarining birligini ochib beradi va shu bilan birga ular o‘rtasidagi ilgari o‘ylangandan ko‘ra murakkabroq bog‘lanishlarni tushunishga yordam beradi.
Ma’dan hosil bo‘lish nazariyasi va metallogeniya rivojlanishining yangi bosqichining boshlanishi bilan – zamonaviy geodinamika konsepsiyasi nuqtai nazaridan (mantiya plyumlari), konlarning shakllanishi haqidagi g‘oyalar, ma’danlarning hosil bo‘lish sabablari, ularning manbalari tog‘risidagi ilmiy qarashlar ko‘p jihatdan o‘zgarmoqda va buning natijasida alohida mintaqalarda foydali qazilmalarning ayrim turlari bo‘yicha istiqbollarini baholashga yo‘nalgan ilmiy qarashlar ham o‘zgarmoqda. Qimmatbaho, nodir, noyob yer metallari va ularga hamroh bo‘lgan metallarning ma’danlashuvning shakllanish va joylashuv qonuniyatlarini aniqlashga bag‘ishlangan yangi ilmiy yondashuvlarga asoslangan tadqiqotlar foydali qazilma konlarini izlash va baholashga xizmat qiluvchi yangi mezonlarini aniqlash imkonini beradi. Petrologiya, mineralogiya, geokimyoning va ma’danlashuv to‘grisidagi ta’limotning zamonaviy yutuqlariga asoslangan bu kabi tadqiqotlar petrometallogenik muammolarni hal qilishda ilmiy asos bo‘ladi.
Laboratoriyaning ilmiy asoslari
Laboratoriya xodimlari metallogenik xaritalarni tuzishning nazariy asoslarini ishlab chiqishgan: Markaziy Osiyoning Markaziy qismi; mufassal bashoratlangan-metallogenik va boshqalar. Endogen ma’danlashuvning petrogenez bilan genetik bogʻliqligi va koʻp bosqichliligi haqidagi ilmiy nazariya amalda asoslab berilgan. Mintaqalarning metallogenik ixtisoslashuvi va ularning yer qobig‘ini chuqurlik tuzilishi bilan aloqadorligi, statistik metallogenik tahlili va ma’dan hosil bo‘lishining paleometallogenik jihatlari o‘rtasidagi bog‘liqlik masalalari tadqiq etilgan. Ma’dan konlarini, ularning geologik tuzilishi va rivojlanish tarixini va ma’dan hosil bo‘lish xususiyatlarini batafsil o‘rganish O’zbekistonda noan’anaviy tipdagi nodir ishqoriy metalli (litiy, rubidiy, seziyli) ma’danlashuvini aniqlashga olib keldi (Shavazsoy koni, T.M.Voronich, L.M.Gleizer); Janubi-G‘arbiy Hisorning yangi kolchedon-polimetalli ma’danlashuvga ixtisoslashgan mintaqa sifatida (Xondiza koni va b.k.) asoslandi; Uchquloch vulkanogen-stratiform turidagi barit-polimetall koni; vulqon-cho‘kindi turidagi (Temirkon) temir-ma’danli konlarini shakllanish va joylanish qonuniyatlari aniqlandi (P.V. Pankratev, Yu.V. Mixaylova); Chotqol-Qurama mintaqasi uchun yangi bo‘lgan ongoriolit-leykogranit assotsiatsiyasi aniqlandi va ular bilan bog‘liq bo‘lgan noan’anaviy turdagi nodir metallar (niobiy-tantal va noyob yer elementlari) ma’danlashuvi asoslandi (U.D. Mamarozikov va boshqalar).
Oxirgi yillarda (2008-2020-yillarda) olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida Oʻrta Tyon-Shon uchun birinchi marta tarkibida noyob metallar boʻlgan nordon tog‘ jinslarning yangi turlari – fayalitdor va egirinli ongonitlar, ongoriolitlar va ularning intruzuv muqobillari – fayalitdor leykogranitlar aniqlandi va ularning nodir va noyob yer metalli metallarga ixtisoslashganligi asoslandi. Natijalar nodir va noyob yer metallarining istiqbolli hududlarini aniqlash uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.