2025-yil 3–7 mart kunlari Finlyandiya Geologiya xizmati (GTK) vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida mehmonlar H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti rahbariyati va yetakchi mutaxassislari bilan uchrashib, ilmiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Muzokaralar davomida geologik tadqiqotlar sohasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va zamonaviy texnologiyalarni tadqiqot jarayonlariga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, institut laboratoriyalarida olib borilayotgan ilmiy ishlar, foydali qazilmalar tarkibini aniqlash hamda geologik modellashtirish bo‘yicha ilg‘or tadqiqot yo‘nalishlari haqida taqdimotlar o‘tkazildi.

GTK vakillari institutimizning mineralogiya, petrografiya, geokimyo va geofizika laboratoriyalarida bo‘lib, ularning ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlar laboratoriyalarni zamonaviy jihozlash darajasi, tadqiqot natijalarining aniqligi va xalqaro standartlarga mosligi borasida yuqori fikr bildirdilar.

Institutimiz xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda ilg‘or texnologiyalar asosida geologik tadqiqotlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. GTK bilan olib borilayotgan hamkorlik O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida foydali qazilmalarni o‘rganish va ulardan samarali foydalanish jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.