Laboratoriya tarixi

Laboratoriya «Matematik geologiya» bo‘limi negizida tashkil etilgan bo‘lib, uning asoschisi O‘zR FA akademigi F.A. Usmonov (1975-2008) edi. 2008-2016-yillarda laboratoriya mudiri gm.f.n. S.T. Maripova (2008-2016) edi, 2016-yildan hozirgi kungacha laboratoriyaga g.m.f.d. L.R. Sadikova rahbarlik qiladi.

Laboratoriyaning asosiy strategik yo‘nalishi

  • O‘rta va Janubiy Tiyon-Shon yer qobig‘i tuzilishining geodinamik evolyutsiyasining fundamental asoslarini ishlab chiqish; «Umumiy va mintaqaviy geologiya» va «Statistika metallogeniyasi»ning nazariy-uslubiy asoslarini ishlab chiqish va takomillashtirish
  • Alohida hududlar bo‘yicha kompyuterli geologik-geofizik, masofaviy ma’lumotlar bazasini yaratish
  • Geologiya-geofizika va boshqa ma’lumotlar majmui bo‘yicha alohida hududlarning ma’danliligini miqdoriy baholashni o‘tkazish.

Laboratoriya faoliyatining dolzarbligi

Dunyo miqyosida Markaziy Osiyo burmali mintaqasi tarkibiga kiruvchi O‘rta va Janubiy Tyan-Shan yer qobig‘ining geodinamik evolyutsiyasini o‘rganish geologiyadagi muhim fundamental muammolardan biri hisoblanadi. Litosfera plitalari tektonikasining yangi paradigmasi geosinklinallar nazariyasini o‘zgartirdi va geodinamik holatlar metallogeniyasining yangi yo‘nalishini paydo bo‘lishiga olib keldi. Geodinamik komplekslar va ularning assotsiatsiyalari tarkibiga kiruvchi geodinamik holatlar va tegishli geologik formatsiyalarni o‘rganish geologik tuzilishi va tektonik-metallogenik xususiyatlarini yangicha ko‘rib chiqish imkonini beradi. Har bir geodinamik kompleks o‘ziga xos geologik formatsiyaga va magmatizm namoyonlarga ega. Geodinamik rejimlar magma va gidrotermalar hosil bo‘lishida turli geosfera qatlamlarining ishtiroki, asosiy geodinamik jarayonlar kechishining turli mexanizmlari va boshqa xususiyatlari bilan farqlanadi. Shuning uchun ular turli metallogenik mintaqalar va zonalarni, konlarni hosil qiladi.

Laboratoriyaning ilmiy asoslari

Laboratoriyada konlarni bashorat qilish uchun statistik metallogeniya usullari va «Geoanaliz» dasturiy majmuasi ishlab chiqilgan; O‘rta Tiyon-Shon yer qobig‘ining shakllanishining geodinamik bosqichlari aniqlangan, Olmaliq guruhi mis-porfir konlarining shakllanish genezisini aniqlagan paleozoy magmatizmi modeli yaratilgan. Terreyn tahlilni qo‘llagan holda O‘rta Tyan-Shan qobig‘ining shakllanish nazariyasi taklif etilgan. Nurota mintaqasi bo‘yicha ArcGIS muhitida takomillashtirilgan statistik metallogenik tahlil ishlab chiqilgan; Nurota mintaqasi oltin va volfram istiqbolliligini miqdoriy baholash ishlab chiqilgan. Chotqol-Qurama, Zirabuloq-Ziyovuddin va Nurota mintaqalarining oltin, mis ma’danli obyektlari (konlar, ma’dan namoyonlari va boshqalar) bo‘yicha ARC GIS muhitida ma’lumotlar bazalari yaratildi.  O‘zR Intellektual mulk agentligida ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun mualliflik guvohnomalari olingan.

Hozirgi kunda laboratoriyada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar (GQI)

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasining mineral-xomashyo bazasini to‘ldirish bo‘yicha GQIni o‘tkazish doirasida laboratoriya xodimlari tomonidan “Janubiy-G‘arbiy Tiyon-Shon hududining geodinamik rivojlanish tarixini qayta tiklash va asosiy ma’dan konlari va yirik konlarning geologik tuzilishini uch o‘lchovli modellarini yaratish” mavzu bo‘yicha fundamental ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Laboratoriya xodimlari tomonidan bir nechta xo‘jalik shartnomaviy ishlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda.

2016-yildan 2019-yilgacha laboratoriya xodimlari tomonidan 50 ga yaqin ilmiy ishlar chop etilgan. 1 ta fan doktori va 2 ta falsafa doktori dissertatsiyasi himoya qilingan. 9 nafar magistr tayyorlandi. 5 nafar xodimdan 2 nafari fan doktori, 1 nafari falsafa doktori. Ikki nafar xodim GFU va TDTU o‘quv jarayonlarida ishtirok etmoqda, laboratoriya mudiri X.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti (Toshkent) qoshidagi himoya va ilmiy seminarlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kengash raisi o‘rinbosari va M.M. Adishev nomidagi Qirg‘iziston Milliy Fanlar akademiyasining Geologiya instituti (Qirg‘iziston) qoshidagi ilmiy kengash a’zosi hisoblanadi.