Fundamental geologiyada xalqaro hamkorlik sari yangi qadam

H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutida Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tashrif doirasida fundamental geologiya yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida tajriba almashish, qo‘shma loyihalar va akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida “H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti” DM direktori murojaati

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida “H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti” DM direktori murojaati

Hurmatli hamkasblar, hurmatli hamkorlar! Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi tizimli kurashish hamda jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi bu illatni butkul bartaraf etishga qaratilgan muhim islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Mazkur yo‘nalishda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlari, shuningdek, “Komplaens nazorati” tizimining joriy qilinishi kabi chora-tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim bosqich bo‘ldi.

“H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti” DMda ham korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Institut faoliyatida korrupsiyaviy xatarlarni aniqlash, baholash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq mexanizmlar joriy etilgan. Huquqbuzarliklarning oldini olish, xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish bo‘yicha muntazam ravishda o‘quv-seminarlar, davra suhbatlari va targ‘ibot ishlari tashkil etilmoqda.

Albatta, korrupsiya – nafaqat bir tashkilot yoki sohaning muammosi, balki butun jamiyat taraqqiyotini izdan chiqaruvchi jiddiy tahdiddir. Uni faqatgina huquqiy vositalar bilan emas, balki har bir xodimning vijdonli munosabati, halolligi va daxldorlik hissi bilan yengish mumkin.

Shu o‘rinda, institutimiz xodimlariga murojaat qilgan holda shuni qat’iy ta’kidlamoqchiman: korrupsiyaga mutlaqo toqatsizlik tamoyilidan chekinmaslik, har qanday noqonuniy harakatlardan, pora olish yoki berish, xizmat mavqeidan g‘ayriqonuniy foydalanish holatlaridan tiyilish zarur. O‘z lavozim majburiyatlaringizni adolat, xolislik va halollik tamoyillari asosida bajaring. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan ichki tartib-qoidalarga qat’iy amal qiling.

Agar institut faoliyatida qonunchilikka zid harakatlar, korrupsiyaga oid holatlar yoki xodimlarning bunday illatlarga aloqadorligi haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, iltimos, rasmiy sahifalarda keltirilgan aloqa kanallari orqali murojaatingizni yuboring. Har bir murojaat qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va tasdiqlangan holatlar yuzasidan qat’iy chora-tadbirlar qo‘llaniladi.

Barchangizni institutimizdagi sog‘lom ish muhitini ta’minlash, halollik va adolat tamoyillariga sodiq bo‘lishga chorlayman. Korrupsiyasiz jamiyat barpo etish yo‘lida har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.

H.M. Abdullayev nomidagi

Geologiya va geofizika instituti direktori                        Inatov Nurbek Komiljon o‘g‘li