H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutida navbatdagi Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda geologiya-mineralogiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun Amirov Elmurod Mansuriddin o‘g‘li tomonidan tayyorlangan dissertatsiya ishi muhokama qilindi.

Dissertatsiya mavzusi:
“Auminza-Beltov va Sharqiy Bukantov tog‘lari magmatik hosilalari, ularning asl-nodirmetalli ma’dandorligi (Markaziy Qizilqum)”
Ixtisoslik: 04.00.03 – “Geotektonika va geodinamika. Petrologiya va litologiya”

🔬 Muhokama jarayonida dissertatsiya ishining ilmiy yangiligi, amaliy ahamiyati hamda Markaziy Qizilqum hududining magmatik va metallogenik xususiyatlarini o‘rganishdagi o‘rni atroflicha tahlil qilindi. Ilmiy kengash a’zolari tomonidan ish yuzasidan fikr-mulohazalar va tegishli tavsiyalar bildirildi.

🎓 BUYUK OLIMNING YUBILEYI

O‘zbekiston geologiya ilmiy hamjamiyati joriy yilda geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor, yetuk olim Aleksandr Yevgenevich Antonovning 85 yillik yubileyini keng nishonlamoqda.

Professor Antonov o‘zining oltmish yildan ortiq ilmiy va amaliy faoliyati davomida mamlakatimizning mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash, oltin, rangli va nodir metallar konlarini prognozlash hamda geologik jarayonlarni ilmiy asosda tahlil qilishda beqiyos hissa qo‘shdi. Uning Chotqol–Qurama zonasi, Janubiy Tyanshan va Qizilqum mintaqalarida olib borgan tadqiqotlari yurtimiz geologiyasining rivojiga mustahkam ilmiy poydevor bo‘ldi.

Bugun ham professor Antonov ilmiy faoliyatini davom ettirib, yosh mutaxassislarni tarbiyalash, zamonaviy geologik tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.

Ustoz olimni 85 yillik muborak yoshi bilan tabriklaymiz va unga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, ilmiy baraka va farovonlik tilaymiz!
Uning ilmiy merosi va fidoyiligi kelajak avlodlar uchun ibrat bo‘lib qolaveradi.

Dastur

Tayanch doktorantlar bilan seminar tashkil etildi

Tayanch doktoranturaning 1-bosqichiga qabul qilingan tadqiqotchilar bilan seminar tashkil etildi. Seminar davomida tadqiqotchilarning dissertatsiya mavzulari, yakka tartibdagi ish rejasi hamda metodologik dasturlar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Ishtirokchilarga ilmiy tadqiqotlarni samarali rejalashtirish, dissertatsiya ishini bosqichma-bosqich amalga oshirish va metodologik yondashuvlarni to‘g‘ri tanlash bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi hamda tadqiqotchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar qaytarildi. Seminar yosh ilmiy izlanuvchilarning ilmiy faoliyatini tizimli tashkil etishga xizmat qildi.

H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti direktori N. Inatovning Yangi yil munosabati bilan tabrigi.

Hurmatli hamkasblar, aziz ustozlar va qadrli yosh olimlar!

Kirib kelayotgan Yangi 2026-yil munosabati bilan Sizlarni va Siz orqali institutimizning butun jamoasini samimiy qutlayman.

Ortga nazar tashlar ekanmiz, 2025-yil H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti uchun sermahsul, mas’uliyatli va muhim ilmiy natijalarga boy yil bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz. Jamoamizning fidokorona mehnati, ilmiy salohiyati va hamjihatligi natijasida institut faoliyatining barcha yo‘nalishlarida sezilarli yutuqlarga erishildi.

Xususan, yil davomida 50 ta loyihalar(10 ta davlat dasturi doirasida, 7 ta grand, 30 ta xo‘jalik shartnomalari, 3 ta xalqaro) amalga oshirilib, ularning umumiy moliyaviy hajmi 35 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Joriy yilda mineral xom-ashyo bazasini kengaytirishga qaratilgan 6 ta loyiha muvafaqqiyatli yakunlandi va 7 ta yangi loyiha tasdiqlandi. Geologiya sohasida zamonaviy ilmiy-uslubiy yondashuvlar asosida istiqbolli maydonlar aniqlanib, geofizik va geokimyoviy tadqiqotlar natijasida yangi ma’lumotlar bazalari, kataloglar va tematik xaritalar yaratildi. Ilmiy izlanishlar amaliy natijalar bilan mustahkamlandi.

Institut moddiy texnik bazasini rivojlantirish, dala ishlarida qulaylikni ta’minlash maqsadida 4 ta FOTON pikap mashinasi harid qilindi.

Institut olimlari tomonidan xalqaro va respublika miqyosida salmoqli ilmiy nashrlar chop etildi, jumladan, 12 ta Scopus bazasiga kiruvchi jurnallarda maqolalar e’lon qilindi, xalqaro konferensiyalarda munosib ishtirok etildi. Innovatsion yondoshuv asosida, O‘zbekistonda ilk bor 1200 dan ortiq namunalar asosida “O‘zbekiston tog‘ jinslarining etalon namunalar katalogi” chop etilib, mobil ilovasi ishlab chiqildi. Shu bilan birga, “O‘zbekiston Respublikasining muzliklar katalogi” chop etildi.  Shu bilan birga, mualliflik huquqi bilan himoyalangan ilmiy ishlanmalar, axborot bazalari va innovatsion mahsulotlar yaratilgani institut ilmiy maktabining barqaror rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, o‘tib borayotgan yil davomida institutimizda kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, xodimlarimiz tomonidan 4 ta til sertifikati (C1, B1, B2), 2 ta sun’iy intellekt (SI) sertifikati, 4 ta “KOIKA GIS Analysis” sertifikati qo‘lga kiritildi hamda 31 ta malaka oshirish kurslarida faol ishtirok etildi. Bu natijalar institutimizda bilimga intilish, o‘z ustida doimiy ishlash va zamonaviy ilmiy yondashuvlar izchil joriy etilayotganining yaqqol ifodasidir.

Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ham muhim qadamlar qo‘yildi. Yetakchi xorijiy ilmiy markazlar bilan aloqalar kengaytirilib, qo‘shma loyihalar, stajirovkalar va seminarlar tashkil etildi. Rossiya, Xitoy, Mog’uliston, Koreya, Italiya, Finlandiya, Turkiya, Makedoniya va MDH davlatlarining ilmiy tadqiqot markazlari bilan ilmiy-amaliy hamkorlikda samarali ishlar olib borildi va  anglashuv memorandiumlari imzolandi. Bu esa institutimizni xalqaro ilmiy maydonda munosib o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda.

Aziz hamkasblar!

Erishilgan barcha yutuqlar — bu avvalo inson kapitali, ya’ni Sizlarning bilim, tajriba va mas’uliyatli mehnatingiz samarasidir. Ayniqsa, institutimizda faoliyat yuritayotgan yosh olimlar va tadqiqotchilarga bildirilayotgan ishonch, ularni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish kelgusidagi ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Kelgusi yilda oldimizga qo‘yilgan maqsadlar ulkan: ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini oshirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va eng muhimi — institutimizda sog‘lom, ochiq va ishonchli ish muhitini mustahkamlash. Ushbu maqsadlarga faqat hamjihatlik, o‘zaro hurmat va yagona jamoa ruhida erishishimizga ishonaman.

Hurmatli hamkasblar!

Kirib kelayotgan Yangi 2026-yil bilan Sizlarni samimiy tabriklayman.

O‘tib borayotgan yil davomida sohamizni rivojlantirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, muhim strategik vazifalarni amalga oshirish yo‘lida mas’uliyatli va samarali mehnat qilindi. Erishilgan natijalar kelgusidagi yuksak marralar uchun mustahkam zamin yaratdi.

Yangi yil barchamizga mustahkam sog‘lik, tinchlik-xotirjamlik, fidokorona mehnatimizda yangi yutuqlar va mas’uliyatli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etish imkonini olib kelsin.

Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

 Hurmat bilan, H.M. Abdullayev nomidagi

Geologiya va geofizika instituti direktori                        N.Inatov

Yuksak ilmiy e’tirof — muhim yutuq!

H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti ilmiy salohiyatini yanada yuksaltiruvchi quvonchli yangilik: Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Xalmatov Rustam Abduxatovich hamda Mineralogiya laboratoriyasi boshlig‘i Orolov Azizbek Kaimjanovich ga “Katta ilmiy xodim” ilmiy unvoni berildi.