Laboratoriya tarixi

Gemmologiya laboratoriyasi 2018 yilda geologiya-mineralogiya fanlari doktori (DSc) L.R.Sadikova tomonidan tashkil etilgan.2023 yildan hozirgi kungacha laboratoriyaga geologiya va mineralogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) D.B.Nurtayev rahbarlik qiladi.

Laboratoriyaning asosiy strategik yo‘nalishi

Gemmologiya laboratoriyasining asosiy maqsadi qimmatbaho toshlarning xususiyatlarini gemmologik aniqlash, O‘zbekiston Respublikasining tog‘-kon hududlarida rangli toshlarning hosil bo‘lishi va joylashish sharoitlarini o‘rganish, shuningdek, konlarni bashorat qilish va qidirish uchun geologik, mineralogik va geokimyoviy mezonlarni aniqlash vazifalarini hal qilishdan iborat. Quyidagilar laboratoriyaning asosiy vazifalari hisoblanadi: qimmatbaho va bezakbop toshlarning gemmologik xossalarini o‘rganish; zamonaviy asbob-uskunalardan foydalangan holda qimmatbaho toshlarda tahlil qilishning laboratoriya usullarini o‘tkazish; qimmatbaho toshlar konlari va rangli xomashyo namoyonlarini tadqiq qilish.

Laboratoriya faoliyatining dolzarbligi

Gemmologiya sohasidagi muhim muammolardan biri qimmatbaho toshlarning kelib chiqishi va muvofiqligini aniqlashdir. Insoniyat qadim zamonlardanoq toshlarni qalbakilashtirishni, 18-asrdan boshlab esa sintetik analoglarni yaratishni o‘rgangan. Vaqt o‘tishi bilan sintez qilish, yaxshilash va qalbakilashtirish usullari takomillashib borganligi sababli, qimmatbaho toshlarni aniqlash va sifatli o‘rganishning ilmiy asoslarini yaratish dolzarb ahamiyat kasb etgan. So‘nggi vaqtlarda qimmatbaho toshlarni aniq aniqlash va identifikatsiya qilish imkonini beruvchi yangi fizik tadqiqot usullari (Raman spektroskopiyasi, IK-Fur’e spektroskopiyasi, elektron mikroskopiya) kashf etildi.

Qimmatbaho toshlarning har qanday namoyon bo‘lishi noyob bo‘lganligi va foydali komponent qazib olingandan so‘ng butunlay yo‘qolishi sababli, qimmatbaho tosh qazib olingan joyning aniq joylashuvini aniqlash muhim ahamiyatga ega.

Gemmologiyaning mineralogiya va kristallografiya bilan umumiy tomonlari ko‘p. Toshning kristall shaklini o‘rganish toshning qirrasini yanada samarali yaratish imkonini beradi, mineralogik xususiyatlarini o‘rganish esa qimmatbaho toshning guruhini va nomini aniq belgilash imkonini beradi.

«Gemmologiya» laboratoriyasi tomonidan olib borilayotgan ishlarning dolzarbligi 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni) belgilangan bo‘lib, uning ustuvor yo‘nalishlari «…milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash»-ni o‘z ichiga oladi.

Laboratoriyaning ilmiy asoslari

Laboratoriya faoliyati davomida 285-sonli «Innovatsion diagnostika usullarini qo‘llaganholda O‘zbekiston Respublikasining qimmat baho toshlarini gemologik tadqiq qilish» mavzusida O‘zbekiston Respublikasining tosh gulli potensialini o‘rganish bo‘yicha ishlar olib borildi.

Ushbu mavzu bo‘yicha O‘zbekistonning rangli toshlarining genezisi, sharoitlari bo‘yicha mavjud bo‘lgan keng materiallar tahlil qilindi, 40 ta rangli tosh obyektlari namunalar bilan tekshirildi, 180 ta obyektdan iborat bo‘lgan katalog tuzildi (konlar, namoyon bo‘lish nuqtalari, rangli tosh xom ashyosi bo‘yicha minerallashuv nuqtalari) va mineralogiya, gemmologik, mineral-geokimyoviy, geologik xususiyatlari bo‘yicha ma’lumotlar va rangli tosh xom ashyosining joylashuvini aks ettiruvchi ma’lumotlar manbalari keltirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning 1:500 000 mikyosli qimmatbaho tosh xomashyosini joylashtirish xaritasi-sxemasi tuzildi.

Geologiya-mineralogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun «O‘zbekiston feruza koni geologiyasi» mavzusidagi dissertatsiya himoya qilindi, uning asosida feruzalarning xususiyatlari va O‘zbekiston feruza konlarining geologik tuzilishi, hosil bo‘lishining genetik turlari va sharoitlari ajratib olindi.

Laboratoriya tomonidan qimmatbaho toshlar yangi buzmaydigan usullardan foydalangan holda tahlil qilinadi.

Hozirgi kunda laboratoriyada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar (GQI)

Markaziy Qizilqum hududida gemmologik tadqiqotlar asosida feruza, opal, kaxolong va boshqa zargarlik toshlariga istiqbolli maydonlarni aniqlash va qidirishning metodologik asoslarini yaratish