Laboratoriya tarkibida 12 ta ilmiy xodimlar faoliyat olib bormoqda.

Laboratoriya tarixi

Fan doktorlari S.T.Badalov (1964-1984) va R.M.Tolipov (1989-1998) boshqargan «Geokimyoviy sikllar va jarayonlar», hamda fan nomzodi A.X.Turesebekov (1989-1998) boshqargan «Tarmoqlararo geotexnologiya» laboratoriyalarini birlashtirish asosida 1998-yilda “Geokimyo va Geotexnologiya” laboratoriyasi tashkil etilgan va 2020 yilgacha A.X.Turesebekov boshchilik qilib kelgan. 2020 yildan boshlab “Geokimyo” laboratoriyasiga N.E.Shukurov boshchilik qilib kelmoqda.

Laboratoriyada ma’dan hosil qiluvchi tabiiy va texnogen tizimlarni geokimyoviy, geotexnologiya va ekologiya yo‘nalishlarida o’rganish bo‘yicha fundamental hamda amaliy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Tadqiqotlar O‘zbekistonning tog‘-konchilik va ma’danli hududlarida joylashgan tabiiy va texnogen konlarida olib borilmoqda. S.T.Badalov tomonidan siderofil, xalkofil, metallofil, gidrofil, biofil, neytral, galogenofildan tortib to atmofil sistemalarigacha bor bo‘lgan barcha tabiiy tizimlarning tasnifi ishlab chiqilgan.

Pratoizotoplarning davriy tasnifi tuzilgan.  Ma’dan hosil qiluvchi tizimlardagi elementlarning geokimyoviy xususiyatlari va o‘zini tutish skililigi, elementlarni uchrash shakllari, va ma’dan konlari  genezisi muammolari o‘rganilmoqda. Mineral resurslarni texnologik geokimyo va mineralogiya bazasida geologik-texnologik baholash va kompleksliligi bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Mineral xom ashyodan kompleks foydalanish (tabiiy va texnogen konlar), qayta ishlash, boyitish texnologiyalarini baholash va hozirgi holatini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistonning yirik tog‘-konchilik va ma’danli hududlarida, ko‘p yillar davomida ma’danlarni qazib olish, boyitish va metallurgik qayta ishlash davrida chiqindilarning katta miqdori to‘planib qolgan (balansdagi va balansdan tashqari ma’danlar uyumlari, boyitish fabrikasi chiqindilari, shlaklar, qumlar va b. metallurgik ishlab chiqarish mahsulotlari), ular mineral resurslarning katta turlaridan birini tashkil qiladi va texnogen konlar deb tasniflanadi.

Ma’danlar va ularni birlamchi tarqalish oreollarini yer yuzasiga chiqqan ma’dan konlari va ma’danlashuv hududlarida o‘tkazgan biogeokimyoviy tadqiqotlari – biogeokimyoviy anomaliyalarni ma’danlardagi indikator-elementlarni mineral shakllari va ularni litogeokimyoviy oreollari bilan bog‘liqligini asoslab berdi va og‘ir metallarning o‘simliklarda to‘planish va ta’sirining alohida biogeokimyoviy xususiyatlarini o‘rganishga imkon berdi. Cho‘kindi tog‘ jinslari ostidagi ma‘dan konlarini izlashni biogeokimyoviy usulini arid iqlimli sharoitda qo‘llash mumkinligi aniqlandi (Tolipov R.M. va bshq.). O‘zbekistonning o‘rganilgan ma’danli maydonlarida va ularning flanglarida o‘nlab biokimyoviy anomaliya maydonlari ajratildi va ular bundan keyin izlash-qidirish ishlari olib borish uchun tavsiya qilindi.

Ekologik geokimyo yo‘nalishida texnogen geokimyoviy omillarni atrof-muhitga ta’sirini o‘rganish, og‘ir metallarni tuproqda, tog‘-konchilik va sanoat hududi suvlarida va o‘simliklarida tarqalishi, ularning atrof muhitga ta’sirini baholash va «og‘ir metallar-tuproq-o‘simlik» tizimidagi o‘zaro aloqalari bo‘yicha tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Yirik tog‘-konchilik sanoati mintaqalarida (Toshkent oldi va Navoiy) og‘ir metallarning texnogen anomaliyalari xaritalandi, sanoat ob’ektlarining atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Oxirgi yillarda og‘ir metallarning tuproqdagi turli shakllari (kimyoviy va mineralogik) konsentratsiyalarini va ularni tuproq mikroorganizmlariga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha mufassal tadqiqotlar olib borilmoqda. Tuproq mikroorganizmlari va o‘simliklarning tuproq tarkibidagi og‘ir metallarga nisbatan sensitiv va tolerant turlarini aniqlash borasida olib borilayotgan tadqiqotlar ifloslangan maydonlarning mahalliy va mintaqaviy biomonitoringini amalga oshirish va biorekultivatsiya loyihalarini ishlab chiqishda juda muhim o‘rin tutadi.

Geokimyo laboratoriyasida olib borilayotgan tadqiqotlar va hamkorlik geografiyasi yetarli darajada keng: laboratoriya xodimlari dunyoning turli mamlakatlari ilmiy markazlarida ilmiy safarlarda bo‘lib (Germaniya, Italiya, Ispaniya,  Xitoy, AQSh, Isroil, Shveytsariya, Turkiya,  Gretsiya, Chexiya, Mongoliya, Jamaika) xorijiy olimlar bilan hamkorlikda geotexnologiya, ekologik geokimyo va iqlim o’zgarishi sharoitida atrof mihit ekologiyasi sohalarida tadqiqotlarni davom ettirmoqdalar. 800 dan ortiq ilmiy ish nashrdan chiqarildi ularning 30 dan ortig’i SCOPUS va Web of Sciences platformasida idekslanuvchi xalqaro nufuzli jurnallarda chop etilgam, 10dan ortiq  monografiyalar. Laboratoriya faoliyati mobaynida 10 ta fan doktori, 50dan ortiq fan nomzodlari va PhD tayyorlangan. A.X.Turesebekov va N.E.Shukurovlar Rossiya mineralogiya jamiyati a’zosi, A.X.Turesebekov Rossiya mineralogiya jamiyatining texnologik mineralogiya bo‘yicha komissiyasining a’zosi.

Olingan natijalar asosida Olmaliq KMK, Navoiy KMK va O’zbekiston Respublikasi tog’-kon sanoati va geologiya vazirligi buyurtmalari bo’yicha xo’jalik shartnomalari va geologik qidiruv loyihalari amalga oshirilmoqda.

Laboratoriyaning asosiy strategik yo‘nalishi

Endogen va texnogen konlardagi ma’danlar shakllanishi va ular tarkibidagi yo’ldosh elementlarning geokimyoviy va minerallogik xususiyatlari va shakllarini o’rganish hamda keng ko’lamli amaliy va ekologo-geokimyoviy izlanishlarni o’tkazish. Shu bilan birga, asosiy vazifalar quyidagilardir:

  • tadqiqot ob’ektlarining minerallogik-texnologik xaritalarini tuzish va ma’dan turlari va navlarini o’rgangan holda ularning joylashuv qonuniyatlarini tahlil qilish
  • ma’dan turlari va navlaridagi asosiy va yo’ldosh elementlarning geokimyoviy, minerallogik tarkibi, fizik-kimyoviy xususiyatlarini o’rganish va ularning uchrash shakllarini aniqlash
  • ma’danlar turlari va navlaridagi asosiy va yo’ldoshi elementlar tarqalishining mineralogik va element balansini aniqlash
  • ma’danlar va texnogen chiqindilardan asosiy elementlar va boshqa qimmatbaho komponentlarni ajratish bo’yicha texnologik yechimlarni izlash
  • urbanizatsiyalashgan va tog’-konchilik hududlarining ifloslanishini aniqlash, baholash, talqin qilish va modellashtirish hamda ifloslangan hududlar bioindikatsiyasi va bioremediatsiyasi bo’yicha kompleks ekologo-geokimyoviy va biogeokimyoviy usullarni ishlab chiqish va takomillashtirish.

Olmaliq va Navoi tog’-metallurgiya kombinatlarining geologik va texnologik xizmatlari bilan hamkorlikda tog’-konchilik sanoati chiqindilarini o’zlashtirish va kompleks foydalanish bo’yicha baholash va texnologik eksperimental tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Og’ir metall va metalloidlarning tabiiy muhitda tarqalishining texnogen oreollarining shakllanish xususiyatlari aniqlangan. Angren va Yangi-Angren IESlarining kul-shlakli chiqindilarida temirning sanoatbop miqdori aniqlangan va temirning tarkibi 94% gacha bo’lgan qotishmalar uchun eksperimental namunalar olingan (qotishma sifatini oshiruvchi qiyin eruvchi va legirlovchi metallar qo’shilgan). Mikrominerallogiya va texnologik geokimyo sohasida yangi innovatsion tadqiqotlar o’tkazilgan. Olingan natijalar tog’-konchilik sanoati chiqindilari va kul-shlak chiqindilarini ekologik va iqtisodiy foyda bilan oqilona qayta ishlash hamda O’zbekiston Respublikasining mineral-xom ashyo bazasini kengaytirishga imkon beradi.