2025-yil 10-oktabr kuni Geologiya fanlari universitetida akademik I.H. Hamraboyevning 105 yilligi va akademik F.A. Usmonovning 90 yilligiga bag‘ishlangan “Geologiya, petrologiya va metallogeniyaning fundamental va amaliy muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani tashkil qilindi.
Tadbirning ochilish marosimida Kon-geologiya vaziri o‘rinbosari R.Yusupov, Geologiya fanlari universiteti rektori A.Kadirxodjayev, Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.Ayupov, Geologiya va geofizika instituti direktori N.Inatov qatnashishdi.
Mamlakatimizning yetakchi olimlari, xorijiy mutaxassislar, ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari hamda yosh tadqiqotchilari ishtirokidagi ushbu ilmiy forumda geologiyaning strategik ahamiyati, ilm-fan va amaliyot integratsiyasi muhim ekanligi ta’kidlandi.
Anjumanning yalpi majlislarida mineral-xomashyo bazasini kengaytirish istiqbollari, yer qa’rining geologik tuzilishi va zamonaviy tadqiqot usullari, petrologik va metallogenik tahlilning yangi ilmiy yo‘nalishlari, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning sohaga tatbiq etish masalalari, olim geologlarning qoldirgan ilmiy merosi hamda zamonaviy izlanishlarning uyg‘unligi kabi dolzarb yo‘nalishlar yuzasidan tashabbuslar va loyihalar muhokama qilindi.
Tadbirning yakuniy qismda ilmiy natijalar sarhisob qilindi, ma’ruzalar bo‘yicha umumiy xulosalar berildi va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Bir qator ishtirokchilar “Eng yaxshi tezis”, “Eng yaxshi ma’ruza”, “Eng yaxshi poster taqdimoti”, “Eng faol ishtirokchi ayol” kabi nominatsiyalarda rag‘batlantirildi.