O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonini bajarish maqsadida navbatdagi yig‘ilish tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda Davlat dasturida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda geologiya va tog‘-kon sohasida barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi “yashil” tashabbuslarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Davra suhbatida “O‘zbekiston–2030” strategiyasining quyidagi ustuvor yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi:
– ekologik xavfsizlikni ta’minlash va yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish;
– geologik tadqiqotlarni zamonaviy texnologiyalar asosida olib borish;
– yashil iqtisodiyot tamoyillarini ilmiy faoliyatga integratsiyalash.
“O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar sari intilishda geologiya sohasi muhim o‘rin egallaydi. H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti ushbu yo‘nalishlarda o‘z ilmiy salohiyati bilan faol ishtirok etib, barqaror taraqqiyotga munosib hissa qo‘shishda davom etadi.